31.10.2022
Bugungi kunda xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish borasida jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka doir murosasizlik muhitini yaratish uchun chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, mamlakatimizda xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga oid bir qator xalqaro hujjatlar radifikatsiya qilindi. Inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarda shaxsni zo‘ravonliklardan, shu jumladan oilada sodir etiladigan jinoiy zo‘ravonliklardan himoya qilish mexanizmi mustahkamlab qo‘yilgan. Inson huquqlari bo‘yicha umumjahon deklaratsiyasi, fuqarolik va siyosiy huquqlar bo‘yicha xalqaro kelishuv hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha xalqaro kelishuv oilani jamiyat asosidagi guruh deb tan oladi hamda shaxsni oiladagi zo‘ravonliklardan himoya qiladi. Milliy qonunchiligimizda ham inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, uning hayoti, sog‘lig‘i, qadr-qimmati va boshqa qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari ustuvorlik kasb etadi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida: “Hech kimning qiynoqqa solinishi,zo‘ravonlikka,shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas“, deb qayd etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida“ Qonunining maqsadi xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Shu munosabati bilan 2022 yil 28 oktyabrda 3-TTJ da “Yer resurslarini boshqarish” fakultetining talaba qizlari bilan birgalikda “Biz zo‘ravonlikka qarshimiz” mavzusida umumiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Ushbu yig‘ilishda fakultetimizning professor-o‘qituvchilari va tyutorlari faol ishtirok etdilar. Talaba qizlar ushbu mavzu yuzasidan so‘zga chiqib, o‘zlarining qiziqtirgan savolvrga kerakli javoblarni olishdilar. Xulosa qilib aytganda, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, tazyiq va zo‘ravonlikka doir murosasizlik muhitini yaratish bo‘yicha sa’y-harakatlarni doimiy ravishda izchil amalga oshirish sodir etilayotgan zo‘ravonlikning kamayishiga olib kelishi aniq.
YeRB fakulteti xotin qizlar masalalari bo‘yicha dekan maslahatchisi: Z.Xafizova.