23.11.2022
“Geodeziya va geoinformatika” kafedrasi mudiri Rustam Oymatov va kafedra dotsenti Sarvar Аbduraxmonovlar Oʼzbekiston Respublikasi Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi rejasi hamda Rossiyaning hamkor universitetlari bilan tuzilgan shartnomalarga asosan 2022 yil 10 noyabrdan 10 dekabrgacha boʼlgan davrda Moskva davlat yer tuzish universiteti va Moskva davlat geodeziya va kartografiya universiteti (MIIGАiK)da stajirovka oʼtashmoqda. Universitetimiz professor-oʼqituvchilari R.Oymatov va S.Аbduraxmonovlar 2022 yil 11-17 noyabr kunlari Moskva davlat yer tuzish universitetida boʼlib, universitet faoliyati va uning kafedralari bilan tanishdilar hamda rektor Timur Valikovich Papaskiri qabulida boʼldilar.
Universitet rektori T.V.Papaskiri bilan oʼtkazilgan uchrashuvda safar davomida amalaga oshiriladigan ishlari toʼgʼrisida maʼlumot berildi. Shuningdek, Moskva davlat yer tuzish universiteti rahbariyati va masʼul kafedralari bilan universitetlarimiz oʼrtasida imzolangan hamkorlik shartnomalari va “Yoʼl xarita”sini amalga oshirish boʼyicha vazifalar belgilab olindi. Jumladan, geodeziya, geoinformatika va yer tuzish sohalari boʼyicha xalqaro olimpiada tashkil qilish, oʼquv amaliyotlariga har ikki tomon universitet talabalarini jalb qilish, qoʼshma ilmiy tadqiqot loyihalar olib borish, hammualliflikda ilmiy maqola va oʼquv materiallarini yaratish, xalqaro konfrentsiyalar tashkil qilish, hamkorlikda ilmiy loyihalarda ishtirok etish, doktorantlarga ilmiy rahbarlik qilish, talabalar va professor-oʼqituvchilar almashunivi kabi yoʼnalishlarda hamkorlikda yoʼlga qoʼyiladigan ishlar va ularning amaliy yechimlari kelishib olindi.
Universitet rektori T.V.Papaskiriga universitetlar oʼrtasidagi samarali hamkorlik hamda koʼrsatilayotgan yuksak eʼtibor uchun universitetimiz raxbariyatining minnatdorchilik ramzi sifatida esdalik sovgʼalari topshirildi. “TIQXMMI” MTU va MDETU oʼrtasidagi hamkorlik rejalarini amalga oshirish hamda universitetimiz professor-oʼqituvchilarining malaka oshirishlarini samarali tashkil etishda yaqindan yordam bergan Moskva davlat yer tuzish universiteti xalqaro faoliyat boʼyicha prorektori Vasiliy Ivanovich Nilipovskiyga samimiy minnatdorchilik bildirildi.
Аxborot beruvchi “Geodeziya va geoinformatika” kafedrasi mudiri R.K.Oymatov