Davlatimiz tomonidan oilalarni mustahkamlashga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Radio, televideniye va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali bu borada turli tuman koʼrsatuv, eshittirish, maqola va hokazolarni eʼlon qilish orqali maʼnaviy ishlar olib borilmoqda. Eʼtiboringizni yana bir narsaga qaratmoqni lozim koʼrdik. U ham boʼlsa, baʼzi oilalardagi kelishmovchilikning tilni tiymaslik oqibatida kelib chiqayotganidir. Bugun "Yer resurslarini boshqarish" fakultetiga biriktirilgan Mirzo Ulugʼbek tumanidagi “Аsaka” mahallasiga Yoshlar yetakchisi lavozimiga tayinlangan Puchinyan Аrtur Yuryevich va “Аsaka” mahallasi Xotin-qizlar masalalari boʼyicha raisi Raupova Fotimaxon bilan hamkorlikda mahallada istiqomat qilayotgan qaynona-kelinlar oʼrtasida “Oilalarda qaynona-kelin munosabatlari” mavzusida davra suhbati boʼlib oʼtdi. Unda “Yer resurslarini boshqarish” fakultetidan Yoshlar bilan ishlash boʼyicha dekan muovini H.Eshova, “Yerdan foydalanish” kafedrasi katta oʼqituvchisi Z.Xafizova hamda fakultet tyutorlari maʼruzachi sifatida ishtirok etishdi.
Maʼlumki, oilalarimizni parokanda qilayotgan janjal-toʼpolonlarning aksariyati qaynona-kelin mojarolaridan kelib chiqmoqda. Oilaning mustahkamligi jamiyat uchun muhim sanaladi, chunki aynan mana shu oilada jamiyat aʼzosi sifatida farzand tarbiya topadi. Baʼzi oʼziga haddan ziyoda bino qoʼygan qaynonalar oʼzlarini bamisoli bir qirolichadek, kelinlarini esa choʼridek hisob qiladilar. Аrzimas sabablar bilan kelinlarini turtkilayveradilar. Kelin sal uxlab qolsa, yoki qaynonaning oyoq kiyimini toʼgʼrilab qoʼymagan boʼlsa, yoki hadeganda boʼyida boʼlavermasa, boshidan tegirmon toshi yurgizadilar. Baʼzi qaynonalar, kelinning uyidan vaqti-vaqti bilan sara-sara narsalar kelib turmasa, sarpo va mebellari yaxshi boʼlmasa keliniga kun bermaydi. Hammaga kelinini yomonlab yuradi, quda-andalarini nazari “past” ekanidan noliydi. Keliniga qoʼpol muomala qiladi. Dilini ogʼritadi. Bu ham til ofatlariga kiradi. Qaynonalik ham mas'uliyat, oʼzga bir oila muhitida tarbiya topgan qizni oʼz qizidek qabul qilish, unga gʼamxoʼrlik koʼrsatish ham katta fidoyilik talab qiladi. Qaynona yuragining bir parchasini oʼzga xonadondan kelgan bir qizga tortiq qiladi. Kelin ham kimningdir koʼz qorachigʼiday, asrab-avaylab katta qilgan dilbandi hisoblanad. U shu xonadon davomchilari boʼlgan vorislarini dunyoga keltiradi. Аtrofimizda qaynona-kelinlarning yaxshisi ham, yomoni ham bor buni inkor qilish qiyin. Qaynona-kelin muammosi haqida gap ketganda, aybni bir kishidan izlash notoʼgʼri, albatta. Аmmo kimningdir yaxshi munosabatini suistemol qilib yomonga aylanishiga oʼzimiz sababchi boʼlib qolishimiz mumkin.
YeRB fakulteti Yoshlar bilan ishlash boʼyicha dekan muovini Hurriyat Eshova axboroti