21.11.2022
Joriy yilning 18 noyabr kuni 3-TTJ, YeRB fakulteti talaba qizlari bilan Xotin-qizlar maslahat kengashi a'zolari tomonidan "Mag'rur hilpirayver yurtim bayrog'i!" shiori ostida tadbir tashkil etildi. Tadbirni YeRB fakulteti katta o'qituvchisi, YeRB fakulteti Xotin-qizlar masalalari bo'yicha maslahat kengashi raisi Z.Hafizova o'z kirish so'zi bilan ochib, davlat bayrog'i to'g'risida yig'ilish ishtirokchilariga qiziqarli ma'lumotlar berib o'tdi, jumladan: " O'zbekiston mustaqillikka erishganining dastlabki yilidanoq mamlakat suverenitetining muhim belgisi — Davlat bayrog'iga ega bo'ldi.
1991 yil 18 noyabr kuni "O'zbekiston Respublikasining Davlat bayrog'i to'g'risida"gi Qonun qabul qilindi. Bayroq suverenitetimizning ramzi hisoblanishi, shu bilan birga xalqaro munosabatlarda davlat timsoli bo'lishi mazkur qonunda belgilab berildi. Bayrog'imiz O'zbekiston xalqining mehmondo'st, mehnatsevar, serharakat, bag'rikeng, ochiqko'ngil ekanidan, eng muhimi, tinchlikparvarligidan darak beradi.
Bayroqqa nisbatan xalqimizning muqaddas qadriyat deb qarashi unga nihoyatda yuksak hurmat ko'rsatib, ehtiyotkorona munosabatda bo'lishi ham tahsinga sazovor", deya o'z nutqiga yakun yasadi. Tadbirda shuningdek universitet psixologi , Xotin-qizlar maslahat kengashi a'zosi M.K.Muhammedova, YeRB fakulteti yoshlar bilan ishlash bo'yicha dekan muovini X.Eshova, YeRB fakulteti tyutorlari S.Ibragimova, A.Hayitova va 3-TTJ tarbiyachi pedagogi N.To'raqulovalar ham o'z fikr mulohazalari bilan faol ishtirok etishib, talaba qizlarning hayotida dasturilamal bo'la oladigan maslahat va tavsiyalarini berib o'tishdi.
Tadbir davomida talaba qizlar bayroq haqida qiziqarli ma'lumotlar, she'r va qo'shiqlar ijro etishdi. Ayniqsa oliygohimizda tashkil etilgan Xor jamoasining chiqishlari barcha yig'ilish ishtirokchilariga juda manzur bo'ldi. Xor jamoasi vakillari o'z ijrolari bilan davraga fayz bag'ishlashdi. Xor jamoasiga barcha yig'ilish ishtirokchilari va o'qituvchilar jamoasi ham jo'rnavozlik qilishgan holda, ko'tarinki kayfiyatda tadbir nihoyasiga yetdi.
Universitet psixologi M.K. Muhammedova axboroti