02.02.2023
Xalqimizda “ming marta eshitgandan bir bora ko‘rgan afzal” degan ibora bor. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zMU “Geografiya va tabiiy resurslar” fakultetidagi Toshkent relyefli-landshaftli globusga nisbatan buni qo’llash mumkin. Joriy o‘quv yilida ham Oliy ta’lim muassasalari va tashkilotlar hamkorligi davom ettirilmoqda. Jumladan, 31-yanvar kuni “Yer resurslarini boshqarish” fakultetini “Professional ta’lim (Yer kadastri va yerdan foydalanish) ta’lim yo‘nalishi 113-guruh talabalari H.Hasanov tashabbusi bilan O‘zbekistonga keltirilgan, aniqligi bo‘yicha dunyoda oldingi o‘rinda turadigan relyefli-landshaftli Toshkent globusiga “Geodeziya va geoinformatika” kafedrasi dotsenti O.Ro‘ziqulova bilan birgalikda darsdan keyin sayohat uyushtirdilar. Sayohatdan ko‘zlangan maqsad: Geodeziya fanidan qo‘shimcha ma’lumotlar olish, shu paytgacha to‘plangan bilimlarini mustahkamlash edi. Globus yordamida Sathiy sirt, mutloq va nisbiy balandliklar; Yerning shakli va o‘lchamlari, koordinatalar; Yerdagi tabiiy-geografik qonuniyatlar; “Geoid”, Yer yuzasini relef shakllari; Yil fasllarini o‘zgarishi kabi mavzularda sayohat davomida hamda O‘zMU ustozlarini bergan tushunchalari yordamida bilimlarini boyitdilar. Hamidulla Hasanov, Relefli-landshaftli Toshkent globusini O‘zbekistonga keltirishda bosh-qosh bo‘lgan va “Beruniy globusi”ni tiklash g‘oyasining tashabbuskoridir.
O‘zbekiston milliy Universitetining “Geografiya va tabiiy resurslar” fakultetidagi relyefli globus o‘rnatilgan xonaga bilimga chanqoq talabalar bilan kirdik. Globusni ko‘rgach, talabalar xayolan koinotga sayohat qilib, Yerning atrofini aylanib, globus yordamida har bir faslda Yerning Quyoshga nisbatan joylashuvini tasavvur qildilar. Tabiiy muvozanat, regionallik va zonallik kabi Yerdagi qonuniyatlarni mustahkamlab olishdi. Relyefli-landshaftli Toshkent globusi 1979-1984 yillar davomida Rossiyaning Perm shahrida o‘quv jihozlari yasash ustaxonasida H.Hasanovning buyurtmasiga ko‘ra tayorlangan. Og‘irligi: shar-240 kg, taglik-250 kg. Jami 490 kg. Yuzasining aylanasi 13 m2. Globusda 2 ta masshtab qo‘llanilgan bo‘lib, vertikal masshtab- 1:200 000, gorizontal masshtab-1:7 mln. Globus Perm shahrida yasalgan. H.Hasanov 5 yil davomida kerakli ma’lumotlarni yetkazib bergan. Globusni yasashdan va O‘zbekistonga keltirilishidan ustozni maqsadi, biz kabi kelajak avlodlarga Yerning modeli bo‘lgan dunyoda kam sonli bo‘lgan mazkur globus yordamida dunyoni yaxshiroq anglash, tushunish va qo‘llay olish edi. Ustoz maqsadiga yetishdi. Globus yana ko‘p yillar davomida Yerdan va suvdan samarali foydalanuvchilarga umuman butun insoniyatga beminnat xizmat qilishiga ishonamiz. Globus joylashtirilgan xonaga kirishga, globusdan foydalanishga, ushlab ko‘rish, aylantirish, nuqtalarni baland-pastligini aniqlashlarga umuman ta’qiq yo‘q. Sababi shundaki, ustozni vasiyati ham istagi ham, kelajak avlodlar Yerni holatini qalbi va vujudi bilan his qilsinlar. Shundagina Yerdan va suvdan samari foydalinish, asrash bo‘yicha aytilgan so‘zlar “o‘z egasini topadi”.
“Geodeziya va geoinformatika” kafedrasi dotsenti O.Ro‘ziqulova axboroti