Jaholatga qarshi – maʼrifat yolqini
Imoni butun, ruhi pok, irodasi baquvvat, vijdoni uygʼoq odamni aslo yengib boʼlmaydi. Аna shunday fazilatlarga ega butun bir xalqning qudratini tasavvur etish qiyinmas. Bugun bizni turli axborot vositalari, xususan, internet saytlarining xavfi, “ommaviy madaniyat”ning salbiy oqibatlari koʼproq tashvishga solmoqda. Bugun univesitetimizning maʼruzalar zalida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” mavzusida davra suhbati boʼlib oʼtdi.
Unda universitetning Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʼyicha prorektori R.Choriev, Yoshlar bilan ishlash boʼlimi boshligʼi Z.Haydarov, "Yer resurslarini boshqarish" fakulteti dekani Sh.Narbaev, Yoshlar bilan ishlash boʼyicha dekan muovini H.Eshova, fakultet professor-oʼqituvchilari hamda talaba-yoshlar ishtirok etishdi. Tadbirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʼyicha masʼul xodim Meliqoʼziyev Jahongir Valijonovich oʼz maʼruzasi bilan ishtirok etdi. Ilmsizlik va jaholat – jamiyatimizning eng katta dushmani, ayni paytda jamiyat uchun – katta ofatdir. Islom dini ilm-marifatga targʼib etib, olamni nurga toʼldirishidan oldingi davrni bejizga johiliyat davri deb atalmagan. Yillab davom etadigan urushlar, qon toʼkishlar, boy-badavlat kishilar tomonidan faqir-u muhtojlarning mudom ezilishi, sudxoʼrlik, zinokorlik, haromxoʼrlikning avjiga chiqishi, butparastlik, otashparastlikning muqaddaslashtirilishi ayni johiliyat davrining eng koʼzga koʼringan jihatlari edi. Paygʼambarimiz ana shunday hayot kechirayotgan kishilarni ilm-u maʼrifat bilan bir ota-onadan tugʼilgan birodarlardek ahil va inoq kishilarga aylanishlariga sabab boʼldilar. Natijada, ilm-fan va madaniyatda butun dunyoga oʼrnak va ustoz boʼladigan avlodlar yetishib chiqdi. Xususan, Movarounnahrdan yetishib chiqqan ilm-fanning barcha sohasida peshqadam boʼlgan ulugʼ allomalar hozirgi zamon avlodlari boʼlmish – bizlarning faxr-u iftixorimiz sanaladilar deydi tadbir mehmoni Meliqoʼziyev Jahongir Valijonovich.
Ming afsuslar boʼlsinki, hozirgi kunimizda ham ilm-marifatni qoʼyib, jaholat yoʼlini tutgan kimsalar ham yoʼq emas. Maʼrifat dini boʼlmish Islom dinidan gʼarazli maqsadlar yoʼlida foydalanayotgan kuchlar ilmsiz yoshlarni yoʼldan urib, jaholat girdobiga tortayotgani sir emas. Minglab yoshlar turli oqimlarning taʼsiriga tushib, ana shunday jaholat qurboniga aylangani ham barchaga maʼlum. Shuning uchun yoshlarni ilm olishga undash, kitob oʼqishga targʼib etish bugungi kunning dolzarb masalalaridan boʼlib qolmoqda. Bugun biz oʼz oldiga ezgu va ulugʼ maqsadlar qoʼyib, tinch osoyishta hayot kechirayotgan, avvalambor, oʼz kuch va imkoniyatlariga tayanib, demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish yoʼlida ulkan natijalarni qoʼlga kiritayotgan jannatmakon mamlakatda yashamoqdamiz. Mustaqil Oʼzbekistonimiz jahonga yuz tutib, gullab yashnamoqda. Milliy-diniy qadriyatlarimiz xalqimizni, ayniqsa, yosh avlodni Vatanga muhabbat, ajdodlarga sadoqat ruhida tarbiyalovchi muhim manbadir. Ular nafaqat mafkuraviy boʼshliqning yuzaga kelishiga, balki ming yillardan beri halol mehnati va olamshumul kashfiyotlari ila jahon taraqqiyotiga salmoqli hissa qoʼshib kelayotgan xalqimizning mentalitetiga zid boʼlgan terrorchilik gʼoyalarining kirib kelishiga qarshi qaratilgan mustahkam qalqondir.
Mamlakatimizdagi tinchlik, farovon hayotga oʼz-oʼzidan erishilayotgani yoʼq. Turli mafkuraviy xurujlar, yovuz niyatli kishilarning taʼsirlariga qarshi aql bilan chora koʼrish, jaholatga qarshi faqat maʼrifat bilan kurashishni taqozo qilmoqda. Tadbir so‘ngida talaba-yoshlarga videorolik ham qoʼyib berishdi. Davra suhbati qizgʼin bahs-munozaralarga boy boʼlib, unda professor-oʼqituvchilar va talaba-yoshlar faol ishtirok etishdi. Ishtirokchilar mutaxassisga oʼzlarini qiziqtirgan mavzularga oid savollarini berishdi.
YeRB fakulteti Yoshlar bilan ishlash boʼyicha dekan muovini H. Eshova axboroti