Oʻzbekning buyuk farzandini xotirlab
07.11.2022
Oʻzbekning buyuk farzandini xotirlab
Bugun "Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti" milliy tadqiqot universiteti SXTE va B, YERB, GTQ, QSXET, GM fakultetlarining faol, iqtidorli va ijodkor talabalarining “Аdiblar xiyoboni”ga tashrifi uyushtirildi. Tashrifdan asosiy maqsad 5-noyabr O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi muallifi Abdulla Oripov vafot etgan kunda shoirni xotirlashdir. Shu munosabat bilan, "Adiblar xiyoboni"da barpo etilgan Abdulla Oripov haykali poyida YeRB fakulteti dekani oʻrinbosari va universitet fakultetlari tyutorlari boshchiligida “Ustozni xotirlab” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi. Tadbirni YeRB fakulteti dekani oʻrinbosari X.Eshova kirish soʻzi bilan ochib berdi. SXTE va B fakulteti tyutori M.Vafoyeva soʻzga chiqib, 76 yil umr koʻrgan Abdulla Oripovning betakror ijodiy merosi, uning Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini madh etgan badiiy asarlari yoshlar tarbiyasida beqiyos oʻrin egallashini taʼkidlab, shoirning sheʼrlarini yod olmagan, soʻzi kuy-qoʻshiqqa koʻchganda yurakdan tinglamagan birorta yurtdoshimiz yoʻqligi haqida gapirdi. Soʻzining soʻngida talabalarni ustoz shoirning mashhur “Men nechun sevaman Oʻzbekistonni” sheʼrini birgalikda joʻr boʻlib ifodali oʻqishga chaqirdi. Tadbir ishtirokchilarining yuragida vatanga boʻlgan kuchli sevgi va hurmat bilan baland ovozda aytilgan ushbu sheʼri xiyobonda sayr qilib yurgan vatandoshlarimizning diqqatini tortdi. ...Yurtim, seni faqat boyliklaring chun Sevgan farzand boʻlsa, kechirma aslo!
Shundan soʻng GM fakulteti tyutori Oʻ.Usmonov soʻzga chiqib, o‘zbek adabiyoti rivojiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli shoir, jamoat arbobi Abdulla Oripovni sermazmun hayoti va ijtimoiy faoliyatining xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishi, shuningdek, xalqimizning maʼnaviy mustaqilligi uchun kurashgan shaxslardan biri hisoblanishi, shoir oʻz sheʼrlarida oʻzbek tili haqida eng mukammal xulosani berganligi, faqat vatanparvarlik, insonparvarlik va kelajakka ishonch ilgari surilganligi haqida gapirdi. Tadbir soʻngida talabalar Abdulla Oripov qalamiga mansub sheʼrlardan va oʻzlarining ijodiy namunalaridan oʻqidi. Ayniqsa, "QSXET" fakulteti 108-guruh talabasi Xalilov Javohir tomonidan ustoz shoirning “Ona” sheʼridan ilhomlanib yozilgan “Mehribonim Onam” sheʼri maromiga yetkazib ijro etildi va barchaga birdek manzur bo’ldi. Shoir merosi- ijod namunalari ana shunday ilhom baxsh etguvchi tuganmas xazinadir.
Universitet matbuot xizmati