Qizlar davrasi - gullar davrasi
Qizlarni bahorga qiyoslashadi. Faqat bahorgina oʼzbek qizlarida bor goʼzallikni takrorlaydi. "Yer resurslarini boshqarish" fakulteti talaba-qizlari joylashgan 4 talabalar turar joyida boʼlib oʼtgan “Qizlar davrasi” bahorning ilk darakchilari – boychechaklar bazmini eslatdi. Nozik jussalariga yarashgan, chiroyli milliylik ufurib turgan kiyimlarni kiyib olishgan, sochlari oʼzlariga yarashigʼlik turmaklangan qizlar – bu fakultetimizning eng faollari – epchillig-u chaqqonlikda, pazandalikda, zukkolik va bilimda oʼzlarining boshqalardan ustun ekanliklarini bildirish maqsadida bellashdilar.
Ushbu tadbirda qizlarimizni munosib baholab borish maqsadida universitet xotin-qizlar kengashining aʼzolari R.Qodirova, M.Muxamedova, N.Аzizovalar hakamlar hay'ati sifatida ishtirok etdi. Koʼrik-tanlovda talaba-qizlar 3 ta shart boʼyicha bellashdilar. Koʼrik-tanlovning birinchi sharti – har bir qizimiz oʼzlarini tanishtirdilar. Tanishtiruvni qizlarimiz qoyillatib bajardilar. Qizlarning notiqlik mahorati, sheʼriy satrlarni maromiga yetkazib ifoda etishlari tomoshabinlarning olqishlariga sazovor boʼldi. Ikkinchi shart erkin mavzu boʼlib, har bir qizimiz oʼz qiziqishlaridan kelib chiqib, ayrimlari sheʼr aytishdi, baʼzilari raqsga tushishdi yana birlari qoʼllarida dutor olib, qoʼshiq aytib, barcha yigʼilganlarni xushnud etishdi. Uchunchi shart – pazandalik sharti boʼlib, bu shart boʼyicha ham qizlar oʼzlarining bor mahoratlarini ishga soldilar. Bunda har bir qizimizni bahoriy taom chuchvarani tez chiroyli va koʼp tugush boʼyicha bellashishdi. Taqsimchalarga solinib, biri-biridan chiroyli tugulgan chuchvaralar qizlarning yuksak dididan darak berib turardi.
– Bunday tadbirlar qizlarimizning har tomonlama barkamol, milliy urf-anʼanalarimizdan boxabar voyaga yetishlarida katta ahamiyatga ega, – deydi tadbirda soʼzga chiqqan universitet xotin-qizlar kengashi aʼzosi R.Qodirova. – Qizlarimizning sharqona odobi, ibo-hayosi, momolar udumlaridan xabardorliklari ularning kelgusida yaxshi turmush oʼrtogʼi, oila bekasi, ona boʼlib voyaga yetishlari, ular qurajak oila jamiyatimizning mustahkam poydevoriga munosib hissa qoʼshishidan darakdir deb oʼz fikrlarini bildirib oʼtdi. Biz esa ushbu tadbirni tashkillashtirgan fakultet dekani Sh.Narbaev, Yoshlar bilan ishlash boʼyicha dekan muovini H.Eshova, fakultet xotin-qizlar kengashi raisi Z.Xafizova, fakultet tyutorlari D.Xursandova, M.Vafoiva, S.Ibragimovalarga oʼz minnatdorchiligimizni bildiramiz. YeRB fakulteti Yoshlar bilan ishlash boʼyicha dekan muovini Hurriyat Eshova axboroti
Universitet matbuot xizmati