"To‘da"dagi ulfatlarning kulfati
11.04.2023
"To‘da"dagi ulfatlarning kulfati
Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi ta’lim va tarbiya jarayoniga o‘zining ijobiy va ijodiy ta’sirini o‘tkazishi, shubhasiz. TIQXMMI - Milliy tadqiqot universitetining faol, iqtidorli talabalari maxsus avtobus bilan O‘zbekiston Davlat San’at va madaniyat institutining o‘quv teatriga borishdi. U yerda taniqli dramaturg Nasrulla Qobilning "To‘da" nomli sahnalashtirilgan musiqali dramasining ta’lim muassasasi talabalari ijrosida namoyishi bo‘lib o‘tdi. Drama millat tanlamas illatlardan biri giyohvandlikning zararli oqibatlarini ko‘rsatishga qaratilgan.
Kurs rahbari dotsent Ramziddin Qodirov va professor o‘qituvchilardn Umid Rasulov, Bahodir Magdiev, Narziddin Shermatov, Rahimjon Do‘sanov va boshqa ustozlarning xizmatlari katta ekani, bu esa drama namoyishining muvaffaqiyatli chiqishiga sabab bo‘lganini bildiradi. Talabalarning aksariyati o‘zlariga biriktirilgan rollarni mahorat bilan ijro etishdi. Samandar va Kamolaning muhabbati fonida ajal og‘usiga nafrat tushunchasi yorqin lavhalarda namoyon bo‘ldi, desak, xato bo‘lmasa kerak.
Universitetimiz talabalarining qiziqishi va hordiq chiqarib ma’naviy oziq olishiga sabab bo‘lgan teatr tomoshasi uchun prorektorimiz Ruzimurat Choriev o‘z minnatdorchiligini bildira turib bunday yo‘sindagi ikki tomonlama harakatni tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq ekanini ta’kidladi.
YeRK fakulteti dekan muovini Hurriyat Eshova, dekan o‘rinbosarlari Jamshid Turdiev, Ortiq Ro‘ziboev, A’zam Haydarov, Diyor Baxtiyorovich, TTJ Tarbiyachi pedagoglari, tyutorlardan Dilbar Egamova, Manzura Vafoeva, Aziza Hayitova, O‘tkir Islomov va univeritetimiz ma’naviyat bo‘limining barcha xodimlari hamda talabalarimiz bilan birga kelgan professor o‘qituvchilarimiz Nilufar Yuldasheva, Rahimboy Jumaniyozov, psixolog Muhayyo Muhammedovalar ham spektakl haqida ijobiy fikrlarini bildirishdi.
Olomon, guruh, xalq so‘zlari odamlarga nisbatan qo‘llanilsa, to‘da so‘zi odatda hayvonlarga nisbatan qo‘llaniladi. Demak, giyohvandlik girdobiga tushganlar odamiylik qiyofasini yo‘qotgan darrandalar, aniqrog‘i, gazandalardir. Talabalarimiz tomosha qilish asnosida ana shu xulosaga kelishgani aniq. Ular qalbida og‘uga va og‘ufurushlarga nisbatan nafrat uyg‘onganini yuzu ko‘zlaridan, so‘zlaridan bilib olish qiyin emas.
Universitet matbuot xizmati